So'nggi yangiliklar

SUV XO‘JALIGI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum!
Barchangizni shonli bayram – 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etib, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Inson uchun eng zarur ne’mat – bu tinchlik, osoyishtalik va xotirjamlikdir. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham hech qachon barqaror va baxtli bo‘la olmaydi.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘inlardan biri sifatida yodga olinadi. Bu urush nafaqat millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi, balki butun boshli xalqlar taqdirida chuqur iz qoldirdi.
Urush yillarida O‘zbekistonda taxminan 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1 million 433 ming 230 nafari urushga safarbar qilingan.  Bu o‘sha davrdagi aholining qariyb 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40–42 foizini tashkil etar edi.
Afsuski, urushga yuborilganlarning 450 mingdan ortig‘i jang maydonlarida halok bo‘lgan, 600 mingdan ziyod hamyurtimiz esa nogiron bo‘lib qaytgan. Bu esa har bir oilaga, har bir xonadonga qayg‘u va alam olib kirganini anglatadi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida suv xo‘jaligi sohasi iqtisodiyot va front orti barqarorligini ta’minlashda strategik ahamiyat kasb etgan. Uning o‘rnini oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yangi yerlarni o‘zlashtirish va irrigatsiya qurilishi, sanoatni suv bilan ta’minlash, energetika va gidrotexnika, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish kabi yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin.
Misol uchun, urush yillarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ehtiyoj keskin oshdi. Suv xo‘jaligi orqali sug‘orish tizimlari ishlatilib, don, paxta va boshqa ekinlar hosildorligi saqlab qolindi va oshirildi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo respublikalarida sug‘oriladigan yerlar kengaytirilib, front uchun oziq-ovqat va xom ashyo yetkazib berildi.
Urushning og‘ir sharoitiga qaramay, mamlakatda sug‘orish tizimlarini kengaytirish, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan suv inshootlari barpo etish va yangi yerlarni o‘zlashtirish ishlari to‘xtamadi. Jumladan, Farhod to‘g‘oni xalq hashari yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Mirzacho‘lning qo‘riq yerlarini o‘zlashtirish uchun asos bo‘lgan.
Shimoliy va Yuqori Toshkent kanallari qisqa muddatlarda qurib bitkazilgan va poytaxt atrofidagi qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlagan.
Kattaqo‘rg‘on suv omborining birinchi navbati qurilishi urush yillarida davom ettirilgan va Samarqand viloyatidagi yerlarning suv ta’minotini yaxshilagan.
Urush davrida ko‘plab zavod va fabrikalar front ehtiyojlari uchun ishlab chiqarishga o‘tdi. Ular uchun texnologik jarayonlarda suv juda muhim resurs bo‘lib, suv xo‘jaligi tizimi sanoatning uzluksiz ishlashini ta’minladi.
Qisqa qilib aytganda, ikkinchi jahon urushi yillarida suv xo‘jaligi sohasi frontdagi g‘alabani ta’minlashda bilvosita, ammo hal qiluvchi o‘rin tutgan.
Mamlakatimizda 1999-yildan buyon 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu sana orqali yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish, shuningdek, bugun oramizda sog‘-omon hayot kechirayotgan urush va mehnat faxriylariga, shu jumladan, suv xo‘jaligida uzoq yillar ishlagan hamkasblarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi ezgu an’analar o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Tinchlik – eng oliy ne’mat.
Xotira – muqaddas.
Qadrlash – insoniylikning eng yuksak ifodasi.
Sizlarni, Siz orqali suv xo‘jaligi tizimida mehnat qilayotgan barcha xodimlarni, ularning oila a’zolarini ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Shavkat Xamrayev,
Suv xo‘jaligi vaziri
2026-yil 8-may.

Veb-saytimiz faoliyatini baholang




Ma'lumotlar jadvali


«    Июнь 2026    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930 

Yil dasturi




Ma'lumotlar arxivi


Май 2026 (2)
Апрель 2026 (1)
Март 2026 (9)
Февраль 2026 (1)
Январь 2025 (1)
Декабрь 2024 (3)